Dunyo sharqshunoslari orasida shunday iste’dodli ilm egalari borki, ularning har bir tadqiqotida yuksak tafakkurni his qilasiz. Ushbu maqolamizda Yevropa ilm ahliga o’zining ishonchli va qiziqarli asarlari hamda yuksak g’oyalari bilan mashhur bo’lgan Annamari Shimmel haqida va uning o’zbek mumtoz adabiyotidagi, ayniqsa, boburshunoslikdagi faoliyati haqida fikr yuritmoqchimiz. Biz ushnu maqolamiz orqali yosh avlodga yurtimizda qadimdan boshlab yetishib chiqqan yetuk olimlar hozirgi kungacha yevropa ilm ahlini hayratlantirgan holda kuchli qiziqishiga sabab bo’lmoqda. Ularning samarali ijodi va yetuk shaxs sifatida nom qoldirganligi tahsinga sazovordir. Biz bir so’z bilan shuni ta’kidlashimiz mumkinki yurtimizdan birgina Bobur emas shu kabi boshqa bobokalonlarimiz ijodlari butun yevropa ahlini tahsiniga sazovor bolib kelmoqda.
Barchamiz bilganimizdek buyuk podshoh Boburiylar sulolasi asoschisi Zahriddin Muhammad Bobur bobomiz yoshligidan taqdirning ko’plab kutilmagan zarbalari tasirida kuchli shaxs va buyuk ijodkor bo’lib shakllandi. Yor birodarlarining xiyonati va vatandan ayro hayotdagi dardlari bobomizni ijod sari chorladi. Shu xususda so’z yuritadigan bo’lsak, Zahiriddin Muhammad Bobur – o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, tarixchi, shoir, mutafakkir, va davlat arbobi bo‘lib, uning adabiy merosi nafaqat o‘z zamonasi, balki butun Sharq madaniyatiga jiddiy ta'sir ko‘rsatdi. Bobur ilmiy faoliyati va uning asari “Boburnoma” sharqshunoslar tomonidan ko‘plab ilmiy tadqiqotlar mavzusiga aylangan. Boburshunoslik sohasida alohida o‘rin tutgan olimlardan biri – nemis sharqshunosi Annamarie Shimmel bo‘lib, uning boburiylar davriga doir ishlari keng ilmiy jamoatchilikka ma'lumdir. A. Shimmel (1922–2003) – nemis sharqshunosi, islomshunosi, va tarjimon, ilmiy ishlari orqali Sharq va G‘arb o‘rtasidagi madaniy aloqalarni bog’lashda muhim o‘rin egallagan olimdir. U yoshligidan arab tilini chuqur o‘rgangan va o‘z ilmiy faoliyatini islom, tasavvuf va Sharq adabiyoti bo‘yicha kengaytirgan. Uning ilmiy yo‘li, o‘ziga xos tarzda, ikki qutbni birlashtirishga qaratilgan edi. Olima yigirma bir yoshida o’zining doktorlik dissertatsiyasini e’lon qiladi va “Die Stellung des Kalifen und der Qadis im spätmittelalterlichen Ägypten” ( “O’rta asrlarda Misrda xalifa va qozilarning mavqei”) deb nomlaydi. Roppa-rosa o’n yil yil o’tib ikkinchi marta doktorlik dissertasiyasini himoya qilgan Shimmel endi “Studien zum Begriff der mystischen Liebe in der frühislamischen Mystik” (“Ilk islom tasavvufida ishq tushunchasi “) nomi bilan e’lon qildi. Chunki u bu davrga qadar din tarixi, islom tushunchalari haqida ustozlaridan ko’plab bilimlarni egallagan edi. Shimmel sharq tillari, xususan, turk, fors, va urdu tillarini o‘rganib, Hindiston va O‘rta Osiyo madaniyatiga alohida e'tibor qaratgan. Uning ilmiy ishlari sharqshunoslik, tasavvuf va adabiyotshunoslik sohalarida keng tan olingan.
Orientalist olimaning “Boburnoma” va boburiylar davriga oid ilmiy ishlari juda katta ahamiyatga ega. Uning eng mashhur asarlaridan biri bo‘lgan , “Im Reich der Großmoguln : Geschichte, Kunst, Kultur” (“Buyuk mo’gullar davrida tarix, san’at, madaniyat”) juda mashhur hisoblanadi. (Ma’lumot o’rnida shuni aytib o’tish joizki, Annamarie Shimmel ijodida ham boshqa ko’pgina yevropalik tadqiqotchilar tomonidan boburiylar sulolasining “mo’g’ullar” istilohi bilan almashtirib qo’llash holatlari kuzatiladi) Bobur va uning avlodlari haqida to‘liqroq tasavvur hosil qilishga imkon beradi. Bu asar, o’sha davr san'ati, madaniyati, adabiyoti va ijtimoiy hayoti haqida batafsil ma'lumot beradi.
Shimmelning o‘ziga xosligi shundaki, u boburiylarning siyosiy va iqtisodiy faoliyatidan ko‘ra, ularning madaniy merosiga ko‘proq e'tibor qaratgan. Uning tahlillarida, Mirzo Bobur va uning avlodlari haqida faqat siyosiy yoki iqtisodiy jihatlar emas, balki san'at, adabiyot, ayollar olami, saroydagi hayot, kitoblar va xattotlik san'ati kabi masalalar keng yoritilgan. Olimaning ilmiy ishlari, nafaqat tarixiy, balki estetik, badiiy va madaniy nuqtai nazardan ham muhimdir. Masalan, Shimmel “Boburnoma” asarining tarixiy va badiiy ahamiyatini tahlil qilib, uning adabiy qadriyatlarini ko‘rsatadi, tarixiy voqealarni tasvirlashda nafaqat o‘zining bevosita tajribasiga, balki o‘sha davr madaniy va badiiy kontekstiga ham e'tibor berishini ta'kidlaydi. Shuningdek, Shimmel xonim asardagi she'rlarni va uning badiiy tahlilini chuqur o‘rganib, Boburning san'atga bo‘lgan munosabatini yoritgan.
“Boburnoma” asariga oid tahlillarida shoh va shoir portretiga e'tibor alohida ahamiyat berilgan. Uning fikricha, portret faqat tashqi ko‘rinishi bilan emas, balki qahramonning ichki dunyosini, tasavvufiy qarashlarini va adabiy merosini aks ettiradi, haqiqiy yuksak shaxsiyat sifatida tasvirlaydi, uning murakkab tabiatini va ko‘plab sohalardagi bilimini ta'kidlaydi. Bobur haqidagi portretning o‘ziga xosligi, uning lirik va tarixiy qiyofalarini birlashtirganligidadir shuningdek, muallif obrazga o’ta haqqoniy, bo’yoqlarsiz, obyektiv yondashadi: “…Birinchi boburiy hukmdorining haqiqiy portreti ma’lum emas. Nabirasi Akbar davrida, “Boburnoma”si fors tiliga tarjima qilingan va uchta nafis xattotlik nusxalari yaratilgan. Rassomlar tabiiyki, sulola asoschisining yuzini biroz Akbarnikiga o’xshab ketadigan qilib tasvirlashgan. “Boburnoma” qo’lyozmalarida u 1526-yilda, Dehlidagi Purana Qilada bevaqt vafot etishidan to’rt yil avval o’z Hindiston imperiyasining poydevorini qo’ygan baquvvat yosh qahramon, dadil ritsar sifatida namoyon bo’ladi.” Shuningdek, Shimmel asarning fors tiliga tarjima qilingan nusxalariga oid tafsilotlarni ham o‘rganib, xattotlik va adabiyotning rivojiga oid muhim ma'lumotlarni keltiradi. “Mirzo” unvonini buyuk Temur avlodidan bo’lgan haqiqiy temuriy shaxzoda sifatida olgan, degan ma’lumotlarni keltirib o’tishiga qaramasdan, olima negadir Bobur va uning avlodlariga nisbatan ”mo’g’ullar “ istilohini qo’llaydi. 1508-yilda Humoyun dunyoga kelgach, Bobur Kobulda “Podishoh” unvonini oladi. Annamari Shimmel barcha boburiy hukmdorlar portretlari bilan tanishib chiqishga muyassar bo’lganligi va ularning har birini atroflicha o’rganganligini ularning hukmdorlik faoliyatiga tahliliy va tanqidiy yondashuv ham bor.
Shimmelning ilmiy yondashuvi nafaqat tarixiy voqealarni yoritish bilan cheklanadi, balki o‘sha davrdagi madaniy merosni keng qamrab oladi. Boburiylar davrida san'at va madaniyat katta ahamiyatga ega edi. Bobur o‘zining hukmronligi davomida davlatni rivojlantirishga, oddiy xalq hayotini farovon qilishga harakat qildi. U Hindistonda bir necha ajoyib bog‘lar, saroylar va majmualar barpo ettirgan. Bu yodgorliklar o’zida o‘sha davrning madaniyati va estetik qarashlarini aks ettiradi. Shimmel, Boburiylar sulolasining san'ati va madaniy merosini chuqur tahlil qilib, ularning jahondagi ta'sirini ochib beradi. Shuningdek, Shimmelning boburiylar davri adabiyoti va xattotlik san'ati haqida olib borgan izlanishlari ham ahamiyatlidir. Masalan, saroyda yozilgan qo‘lyozmalarni, xattotlikni va miniaturalarni o‘rganib, ushbu san'atlarning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlagan. Bu esa Boburiylar davrining badiiy merosini saqlab qolishga yordam bergan. Yevropada boburshunoslik sohasining rivojlanish bosqichini davrlashtiradigan bo’lsak, boburshunoslikning boshlang’ich davri (XIX asr oxiri — XX asr boshlari); boburshunoslikning ilmiy va keng ko‘lamli rivojlanish davri (XX asr o‘rtalari); zamonaviy boburshunoslik va yangi yondashuvlar davri (XX asr oxiri — XXI asr boshlaridan bugungi kunga qadar) kabi klassifikatsiya qiladigan bo’lsak, A.Shimmel o’zining kengko’lamli ilmiy faoliyati bilan o’rta bosqich shakllanishida yetkchi hisoblanadi. Mazkur shartli tasnifga keyingi tadqiqotlarimizda batafsil to’xtalib boramiz. Shuningdek, “Islam in the Indian Subcontinent” asarida u Boburning diniy bag‘rikengligi va Hindiston madaniyatiga qo‘shgan hissasini tahlil qiladi. Boburning islom va hinduizm madaniyatlari orasidagi uyg‘unlikka qaratgan e'tibori, Schimmelning fikricha, Mug‘ul madaniyati shakllanishidagi asosiy omillardan biri bo‘lgan. Bu asar orqali Schimmel Boburning madaniy va diniy merosini Hindiston tarixining ajralmas qismi sifatida ko‘rsatadi. Schimmelning tadqiqotlarida Boburnomaning g‘arb o‘quvchilariga ma’qul kelish sabablari ham izohlanadi. Schimmel, Boburnomani zamonaviy avtoportret sifatida talqin qilib, uni adabiy-psixologik tahlil uchun ajoyib material, deb biladi. Biz boshqa manbalarda uchratmagan, boburiylarning qurilish, bog’ arxitekturasi, tili va adabiyot olami, umuman, inson qo’li va idroki bilan barpo etilgan madaniy merosning XVIII asrda Yevropa hayotning barcha jabhalariga singib ketish jarayonlari haqida ma’lumot beradi. Asarda Bobur barcha voqealarni o’z tilidan oddiy usulda bayon qilganligi va ichki kechinmalari, xatolarini tan olish qobiliyati va hayotga real qarashi Boburnomani o‘quvchilari uchun g‘oyat qiziqarli qilgan. G‘arb olimlari uchun Boburning gumanistik qarashlari va uning o‘z-o‘zini tanqidiy jihatdan tahlil qilish qobiliyati va bu orqali boshqalarning o’zi haqida qanday hayolga borishidan qo’rqmasligi qadrlidir. Bir so’z bilan aytganda bobomiz sodda tilda yozilgan “Boburnoma” asari adabiyotshunoslikda juda katta yangilik bo’lib kirib kelgan edi. Bobur bu asar bilan asarlarni soda tilda ortiqcha maqtovlarsiz o’quvchiga tushunarli bo’lgan nasriy usulda yozib boshlab bergandi. “Boburnoma” asari 15-asr o’zbek badiiy nasrining yorqin namunasi hisoblanadi. Undagi sof badiiy lavhalar, jonli tasvirlar, an’anaviy lirik chekinishga boydir. Ushbu asarga nasriy matn ichida qo’llanilgan xalq maqollari, matallar, iborlar, ibratli o’gitlar, she’riy parchalar uning badiiyligini yanada oshiradi, o’ziga xos joziba bag’ishlaydi.
“Boburnoma” asari 16-asrdan bugungi kunga qadar dunyoning ko’plab tillariga tarjima qilinib kelinmoqda. Xususan ingliz, fransuz, nemis, golland, fors, italyan, hind, urdu va boshqa tillarga tarjima qilindi. Ushbu asarning jahonga mashhur bo’lishida ingliz va nemis sharqshunos olimlarining xizmati beqiyos bo’ldi. Bu asarda Bobur boshidan boshlab barcha voqealarni ochiq va ravon tilda yozish bilan birga o’zbek mumtoz adabiyotida nasr yo’nalishini boshlab berdi. Asarning dastlabki sahifalari bilan tanishib chiqqan hayratta qolgan. Chunki asar judayam tushunarli tilde yozilib Bobur o’zini ortiqcha maqtamagan va takalluflardan yiroq edi.
Xulosa qilib aytganda yurtimiz hududida yetishib chiqqan yetuk mutafakkir olimlar, shoirlar, ijodkorlar hali hanuzgacha butun yer yuzini qiziqtirib kelmoqda desaak mubolag’a bo’lmaydi. “Boburnoma” asari ham o’zining tarixiy, iqtisodiy, siyosiy, geografik va adabiyotshunoslikda alohida ahamiyatga egaligi va yetukligi bilan o’z qadrini yo’qotmaganligi tahsinga sazovordir.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Болтабоев Ҳ., 2009. Хорижда бобуршунослик, Tошкент, 128 б.
2. Annemarie Schimmel. Im Reich der Großmoguln. Geschichte, Kunst, Kultur, München 2000, S.
3. Annamarie Schimmel. The Impire of the Great Moghals:History, Art and Culture.tr by Corinne Attwood, ed, by Burzine K.Wagkmar-Lahore:Sang e-Meel Publications, 2005,.352pp.
4. Kaja Betz: Annemarie Schimmel - Leben in Orient und Okzident. In: Little Geniuses - 25 Wunderkinder der Wissenschaft. Wissenschaftliche Buchgesellschaft. Darmstadt 2007, стр.
5. Kalif und Kadi im spätmittelalterlichen Ägypten. Dissertation an der Universität Leipzig, Harrassowitz, Leipzig 1943.
6. Studien zum Begriff der mystischen Liebe im Islam. Dissertation an der Philipps-Universität Marburg 1951, publiziert 1954.
7. Гози Захириддин Мухаммад Бобуршох. Вакоеъ. Бобуршохин хотироти. 1943 йил, 1 к,. 1946 йил, 2 к. Ангара (турк тилида).
8. Хасанхожа Нисорий. Музаккири ахбоб (Дустлар ёдномаси). Тазкира. Форс тилидан Исмоил Бекжон тарж. — Т.: Абдулла Кодирий номидаги халк, мероси нашриёти, 1993. 344 б.
Xorazm Ma’mun Akademiyasi axborotnomasi 2024-12/4
Omonova Orasta Xudoyor qizi
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti tadqiqotchisi
Fikr qoldirish#