Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Zahiriddin Muhammad Bobur - Sharq uyg‘onish davrining yirik vakili

Bobur so‘zi lug‘atlarda «yo‘lbars” - degan ma’noni anglatadi. U bu taxallusni Sa’diyning quyidagi bayti mazmunidan olgan bo‘lsa ajab emas:


Har besha gumon mabar ki xolist:

shoyad, ki palang xufta boshad!


[Har qanday o‘rmonni bo‘sh joy [tinch - osuda] deb o‘ylamagilkim, ajab emaskim, u yerda yo‘lbars yotgan bo‘lsa]. Chunki Bobur Sa’diyning muxlisi edi, Sa’diy ham o‘zining nazmiy masnaviysi «Bo‘ston” asarini birinchi marta «Sa’dinoma” deb atagan edi, keyin uni «Bo‘ston” deb nomladi. Bobur ham o‘z asarini avval «Vaqoye’” deb nomlab, keyin uning nomini «Boburnoma”ga o‘zgartirdi. Boburning zamondoshi Xondamir o‘zining «Makorim ul-axloq” asarining «Ikkinchi maqsad” - «Latifalar va mutoyibalar bayoni haqida” gi faslida keltirgan bir latifada «Bobur” nomi muammosi haqida quydagi ma’lumotni keltiradi: «Kiyim tayyorlovchi [xayyot] bir yigitkim, husnu jamolda bemislu monand edi, Bobur nomiga ega edi. U navbat Samarqand shahrida bu saodatli amirning huzurida kiyim kesdi. Shu asnoda u kishidan iltimos qildikim: menga bir muammo [san’atini] o‘rgating. Ul hazrat bu muammonikim, bobur ismida aytilgan edi, unga o‘qidi:


قبا بر قدّ تو می دوزد ایام

برآر از قاف تا قاف، ای پسر نام


Qabo bar qaddi tu medo‘zad ayyom,

baror az qof to qof, ey pisar nom.


Mazmuni: Ayyom [umr, zamon, hayot,charx] sening qaddinga qabo [to‘n, libos] tikadi, Sen «qof” «ق”-dan «qof” «ق”-gacha bo‘lgan harflardan nom chiqar. Agar fors tilidagi birinchi misra: «قبا بر قدّ تو می دوزد ایام” [Qabo bar qaddi tu medo‘zad ayyom - Sening qaddingga qabo [tӯn] tikar ayyom]-dagi «قبا” [qabo] va «قدّ” [qad] so‘zlaridagi ikkita arab tilidagi «qof” harflari bilan boshlanadigan so‘zlardagi «از قاف تا قاف” - «qof” [«ق”] harfidan «qof” [«ق”] harfi [«Qof” - tog‘ning nomi hamdir, tajnis san’atida ijod qilgan] gacha «ای پسر، نام برآر از قاف تا قاف،” - [baror az «qof” to «Qof”, ey pisar nom - «qof” «ق”-dan «qof” «ق”-gacha, ey o‘g‘il, nom chiqargil!] so‘zidan nom chiqarsak, ikki «qof” harflari orasidagi qolgan harflardan «ق” با بر «ق” - «بابر” «bobur” nomi hosil bo‘ladi...


Boburning Sa’diy Sheroziyning majzub muxlisi ekanligi, uning asarlarining dunyoqarashiga ijobiy - g‘oyaviy ta’sir etganligini 917 hijriy [1511-12 milodiy] yilida [«Boburnoma”da 907 hijriy yil yozilgan bo’lib, bu 1501-02 milodiy yilga to’g‘ri keladiki, bu tarixiy voqea sanasiga muvofiq kelmaydi] Shaybonixon bilan urushi vaqtida Maschoh shahristoning Obburdon qishlog‘ining bir bulog‘i oldidagi katta chaqmoq toshi yuzida shoirning «Bo‘ston” asaridan olingan fors tilidagi uch baytini (20 sm X 30 sm andozada) nasta’liq yozuvida bitik shaklida o‘yib o’z qo’li bilan yozganligi yorqin dalil bo‘la oladi:


Shunidam, ki: Jamshidi farruxsirisht,

ba sarchashmae bar ba sange navisht:

«Dar in chashma chun mo base dam zadand,

biraftand chun chashm barham zadand.

Giriftand olam ba mastivu zo‘r,

valekin naburdand bo xud ba go‘r”...


Bobur yoshligini ota-onasi huzurida Andijonda o‘tkazib, bolaligidanoq, diniy va dunyoviy ilmlar: Qur’oni karim, hadislar, tafsir, arab tili, fors tili, she’r, tarix, georafiya, harbiy ilmini o‘rganib, tez orada atrofdagilar etibori markazidan joy olgan. Boburning otasi Amir Temurning o‘g‘li Umarshayx Mirzo va onasi Qutlug‘ Nigorxonim bo‘lgan. Tarixchi alloma Abdulhay Lakhnaviy-Hasaniyning «Nuzhat ul-xavotir” [«Xotiralar sayri”] asarida yozgan ma’lumotiga binoan: «U zotning ismini hazrati Xoja Ubaydulloh Ahror o‘zlari Zahiruddin Muhammad deb qo‘yganlar, lekin turkiy xalqlar orasida Boburshoh deb mashhur bo‘lgan”. Tazkiranavis Hasanxoja Nisoriy o‘zining «Muzakkiri ahbob” [«Sevimli zotlar yodnomasi”] asarida «Zahiruddin Muhammad Bobur podshoh ibn Mirzo Umarshayx ibn Sulton Abusaid Ko‘ragon ibn Sulton Muhammad Mironshoh Mirzo ibn Amir Temur Ko‘ragon zikri” nomli alohida bob ajratib, unda Bobur Mirzoni «Chig‘atoy sultonlarining eng sarasi va zo‘r shijoatlisi edi...”[3] deb tavsiflagan. Mazkur ma’lumot esa uning laqab olganligini tasvirlagan.


Bobur ona tomonidan Toshkent viloyati hokimi Yunusxonning qizi bo‘lib, uning asl nasabi: Qutlug‘ Nigor binti Yunus, binti Sher Ali O‘g‘lon, binti Muhammad binti Xizr xoja binti Tug‘luq Temur binti Eson Bug‘a binti Duva binti Baroq binti Yusun Teva binti Motugen binti Chig‘atoy binti Chingizxonga borib bog‘lanadi. [Xorijda boburshunoslik., -B. 185]. Boburning shajarasi Amir Temur nasabiga borib taqaladi. Temur qabri ustida qo‘yilgan qora nefrit toshda, uning nasabnomasi quyidagicha yozilgan: «Amir Temur Kuragon b. Al-Amir Tarag‘ay b. Al-Amir Barkal b. Al-Amir Aylangiz b. Al-Amir Ijil b. Qorachar Nuyon b. Al-Amir Suguchchin b. Al-Amir Irdemji Borula b. Al-Amir Kachulay b. Tumanayxon”. Zahiruddin Muhammad Bobur islom diniga e’tiqod qiluvchi oilada dunyoga kelgan bo‘lib, umrining oxirgacha islom dinining adabiy-axloqiy g‘oyalarini amalda tatbiq etishga jadal qilgan. U «Boburnoma” asarida islom dinining yoyilishi uchun kurashganini quydagi ruboiysida tasvirlagan:


Islom uchun ovorai yozi bo‘ldum,

kufforu hunud harbsozi bo‘ldum.

Jazm aylab erdim o‘zni shahid o‘lmoqqa,

al-minnatu lillahki, g‘ozi bo‘ldum. [325 a]. [Boburnoma, T. 2002, B. -229].


Boburning shar’iy mazhabi islom dining payg‘ambari Muhammad Rasululloh [s.a.v]ning «Ahl al-Sunna val-jamoa” mazhabiga itoat qilgan. Boburning fiqhiy mazhabi islom shariatidagi to‘rt mazhabdan biri: Imom A’zam Abuhanifa - Nu’mon ibn Sobit asoslagan hanafiya mazhabiga mansubdir. «Podshohning naqshbandiya [tariqati] oliy xonadoniga irodat nisbati bor edi. Yuqori shon-shavkatli bobosi va saltanat nishonli otasining hazrati Xoja Ahrorga irodati bo‘lgan. Bobur podshoh ham bu ulug‘lar xonadoniga nisbatan izzat-ikromni soatma-soat oshirar va biror daqiqa bu ishni kanda qilmas va g‘aflatda qolmas edi”. Boburning Maxdumi A’zam Xojagi Ahmadi Kosoniyg‘a e’tiqodi quyidagi qit’asida yorqin tasvirlangan:


Dar havoi nafsi gumrah umr zoye’ kardaam,

peshi ahlullah az atvori xud sharmandaam.

Yak nazar afkan ba so‘i mo, ki az ro‘i niyoz

xojagiro mondaamu Xojagiro bandaam.

Mazmuni: [Adashgan nafs yo‘lida umrni bekor o‘tkazdim,

Ao‘li iymon oldida o‘z qilmishimdan pushaymonman.

Hojat yuzasidan biz tomonga bir nazar tashlab o‘tgilki,

Men xojagiy [xo‘jayinlik] ni tark qilganmanu Xojagiyning quliman].

[Xorijda boburshunoslik, B. - 10].


Bobur haqida badiiy-tarixiy va ilmiy asarlarda ko‘plab ma’lumotlar keltirilgan, jumladan: 1.Tarixiy asarlar. Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma” asari, Gulbadanbegimning «Humoyunnoma”, Mirzo Xaydarning «Tarixi Rashidiy”, Xondamirning «Habib us-siyar”, «Qonuni Humoyun” [«Humoyunnoma”], Ibrohim bin Jarirning «Tarixi Xumoyuniy”, Fayzi Sirhindning «Tarixi Humoyunshohiy”, Boyazid Bayotning «Tarixi Humoyun”, Abulfazl Allomiyning «Akbarnoma”, «Oyini Akbariy” [«Akbar tuzuklari”], Ahmad Hirotiyning «Tabaqoti Akbariy”, Mulla Ahmad Tattaviyning «Tarixi alfiy”, Orif Qandahoriyning «Tarixi Akbariy”, Abdulqodir Badauniyning «Muntaxab at-tavorix”, Jahongir bin Akbarning «Jahongirnoma”, Qosim Lohuriyning «Majolisi Jahongiriy”, Muhammad Sharifning «Iqbolnomai Jahongiriy”, Tohir Sabzavoriyning «Ravzat ut-Tohiriy”, Sikandar Gujarotiyning «Mir’oti Sikandariy”, Xokiyi Sheroziyning «Muntaxab ut-tavorix”, Ne’matulloh Hiraviyning «Tarixi Shohjahoniy”, Sayid Jamol Husaynning «Tarxonnoma”, Sunjon Ray Munshiyning «Xulosat ut-tavorix”, Abdulboqi Nihavandiyning «Maosiri Rahimiy”, Mirzo Olim Mushrufning «Ansob us-salotin”, Muhammad Qosim Hindshohning «Tarixi farishta”, Amin Qazviniyning «Podshohnoma”, Inoyatxonning «Shoh Jahonnoma”, Muhammad Solihning «Amaliy Solih” va h.k.


Tazkiralar. Hasanxoja Nisoriyning «Muzakkiri ahbob”, Mutribiy Samarqandiyning «Tazkirat ush-shuaro”, «Nusxai zeboyi Jahongir“”, Aynuddavla ibni Yahyo Sayfi Husaynining «Nafoisul-maosirot”, Javhar Oftobachining «Tazkirat ul-voqeot”, Faxriy Hiraviyning «Ravzat us-salotin”, Sodiqbek Afshar Kitobdorning «Majma’ ul-xavos”, Po‘lotjon Qayumiyning «Tazkirai Qayumiy” kabi tazkiralari [Xoliqulova 2021: 974-981]da ma’lumot keltirilgan.


Boburning hayoti, ijodiy va siyosiy faoliyatini o‘rganish uchun eng ikki xil tarixiy manbalardlan foydalanish maqsadga muvofiqdir: 1. Boburning o‘z qalamiga taalluqli bo‘lgan manbalar: «Bobur devoni”, «Boburnoma” va undan meros qolgan turli xil ruq’aot; 2. Bobur davrida yashab, uning ijodiy va siyosiy faoliyati haqida adabiy va tarixiy tazkiralarda yozib qoldirilgan ma’lumotlar.


Ikkinchi manbalar Bobur shaxsiyatini o‘rganish va boburshunoslik tadqiqotining ilk namunalaridan bo‘lib, unda keltirilgan ma’lumotlar mazkur mavzuning obyektiv va subyektiv nuqtayi nazardan ilmiy-qiyosiy tahlil qilishiga muhim ahamiyat kasb etadi. Boburning tiriklik vaqtidanoq uning ijodiy va siyosiy faoliyati to‘g‘risidagi manbalar, jumladan: Xoja Hasan Nisoriyning «Muzakkiri ahbob” [Do‘stlarning zikri], Mutribiy Samarqandiyning «Tazkirat ush-shuaro” [«Shoirlar zikri”], Abulhay Lakhnaviy-Hasaniyning «Nuzhat ul-xavotir” [«Xotiralar sayri”]...va boshqa asarlarda yorqin ifodasini topgan. Bobur keng ko‘lamli badiiy va ilmiy ijod sohibi bo‘lgan shoir, mutafakkir va qomusiy olim bo‘lib, o‘z vorislariga quyidagi badiiy va ilmiy asarlarini meros sifatida qoldirgan. «Boburnoma” asarida uning fazilati va asarlari haqida shunday xarakteristika berilgan: «Va maholdurkim, ul podshohi qobilning yaxshilig‘larini aytgan bilan va bitigan bilan tugangay. Lekin mukammal bukim, sekkiz sifati asil aning zotiga muttassil edi: birisi bukim iajhati baland edi; ikkimchisi, himmati arjumand edi; uchimchisi, viloyat olmog‘; to‘rtumchisi, viloyat saxlamog‘; beshumchisi, ma’murlug‘; oltimchisi, rafohiyat niyati Tengri taolo bandalapig‘a; yettimchisi, cherikni ko‘ngli[ni] qo‘lga olmoq; sekkizimchisi, adolat qilmoq. «Va fazilat bobida kamlig‘i yo‘q erdikim, nazmu nasr va turkiyu forsiyni bebadal aytur edi. Alalxusus turkiy devoni bordurkim, anda toza mazmunlar topib aytibtur va masnaviy kitobi ham borkim, oti «Mubayyin”dur. Til bilur dono xalq orasida aningdek latoyif yo‘qtur. Va Xoja Ahror aytgan risolakim, aning oti «Volidiya”dur, o‘shal podshoh nazm qilibtur. Ushbu kitobkim, «Boburiya”dur, Bayramxonning o‘g‘li Mirzoxong‘a buyurdilarkim, turkiydin forsiyg‘a kelturgilkim, turkiy bilmog‘on xaloyiqqa oson bo‘lg‘ay. Ul podshoh musiqa ilmidin ham xabari bor edi va bu ruboiyni forsiy aytibedilar:


Darveshonro agar na az xeshonem,

lek az dilu jon mu’taqidi eshonem.

Dur ast mago‘ shohi az darveshi,

shohem, vale bandai darveshonem.

Va forsiyda bu matla’ni ham aytubturlar:

Halok mekunadam furqati tu, donistam,

vagarna raftan az in shahr metavonistam.

Va bu matla’ ham alarningdur:

To ba zulfi siyahash dilbastam,

az pareshonii olam rastam.


Va ul podshoh arӯz va qofiyag‘a ham risolalari bor va ul jumladin, «Mufassal” degankim, ushbu fan sharhi bӯlg‘ay, ko’pdan-ko’p yaxshi tasnif qilibturlar. Va ul podshohg‘a to’rt o’g‘ul va uch qiz Tengri taolo karomat qilib erdikim, ӯg‘lonlar: Muhammad Humoyun podshoh va Komron mirzo va Mirzo Asqariy va Mirzo Hindol edilar. Va qizlar: Gulrangbegim, -u Gulchehrabegim va Gulbadanbegim edilar. Ushbu uch qiz bir onadin edilar”.


Hasanxoja Nisoriy o‘zining «Muzakkiri ahbob” [Do‘stlarning zikri] tazkirasida Bobur asarlarining tavsifini quyidagicha tasvirlagan: «Bobur podshohning fazilatlari bisyor va kamolotlari beshumordir. Aruz xususida yozgan risolasi [«Risolai aruz”] bir dengizdirki, ichi javohiru durdonalar bilan to‘ladir. Fiqh masalalarini yana bir risolada mubayyan qilgan [ochiq bayon etgan]ki, yozuvchisi donishmandligidan nishonadir. Turkiy va forsiyda yaxshi she’rlari bordir. O‘shal fiqh risolasining nomi ham «Mubayan”dir”[4]. Shu nuqtayi nazardan Boburning asarlari quyidagilardan iborat: 1. «Devoni Bobur” [birinchi devoni - Kobul devoni 1528 m., ikkinchi devoni Hindiston devoni, 1529 m.]; 2. «Boburnoma” [Tuzuki Boburiy] [1525-1530]; 3. «Muxtasari risolai aruz” - 932-934 h. [1523-25]; 4. «Risolai volidiya” [1519]; 5. «Mubayyin az-zakot” [Fiqh] - [1521]; 6. «Harb ishi”; 7. «Musika ilmi” [kashfiyot]; 8. «Vasiyatnoma”; 9. «Xotirot”; 10. «Xatti Baburiy” [1503].


Zahiruddin Muhammad Bobur ijodiga mansub bo‘lgan va u meros qoldirgan mazkur asarlarning qisqacha tavsifini quyida keltirish maqsadga muvofiqdir: 1. «Devoni Bobur” [«Devoni Boburi podshoh”, «Devoni Zahiruddin Muhammad Bobur”] - birinchi devoni - Kobul devoni 1528 m. yilda tuzilgan, ikkinchi devoni Hindiston devonini esa, 1529 m. yilda tuzgan. Olmonlik sharqshunos olima Annamarie Shimmelning ma’lumotiga binoan, Boburning Turkiyadagi Istambul shahridagi Xolis Afandi kutubxonasida 3743 raqami ostida saqlanib kelayotgan qo‘lozmasi: 118 g‘azal, 8 masnaviy, 104 ruboiy, 52 muammo, 18 qit’a, 15 tuyuq, 75 mufradot, 29 ta she’riy musanno [turkiy tilida], «Risolai volidiya” ning turkiy tarjimasi, 3 g‘azal, 1 qit’a va 18 ta forsiy tilda ijod qilgan ruboiylarining majmui jamlangan. [Xorijda boburshunoslik, 8-9 betlar].


Shafiqa Yorqin tashabbusi bilan «Devoni Zahiriddin Muhammad Bobur”-ning nashr qilinishi. Taniqli afg‘onistonlik shoir va adabiyotshunos olima Shafiqa Yorqin «Devoni Bobur”-ni arab yozuvidagi turkiy chag‘atoy tilidagi she’riy namunasini «Devoni Zahiruddin Muhammad Bobur” nomi bilan, muqaddima [so‘z boshi], muqobala [muqoisa], tasheh [izoh] va ilmiy tahliliy maqolalar bilan nashrga tayyorlab, uni 1362 h. [1983 milodiy] yilida Kobul shahrida nashrdan chiqardi. Bu devon nihoyatda ishonchli va mukammal devon sanaladi.


Mazkur «Devoni Zahiruddin Muhammad Bobur” quyidagi fasllardan tarkib topgan: Devon «Muqaddima” bilan boshlanib, quyidagi yettita fasllardan iborat:


I. «Boburning hayoti va ijodiyotiga oid izlanishlar” - bu bob quyidagi fasllardan iborat: Birinchi fasl: Boburning keyingi siymosi; Ikkinchi fasl: Boburning asarlari va ijodiyoti; Uchinchi fasl: Bobur she’riyati anglash; To‘rtinchi: Bobur devonining qo‘lozma va nashriy nusxalari.

II. «Oldingi ba’zi xato-kamchiliklarning tuzatilishi”.

III. Bobur she’riy devonining asosiy matni [1-120] bu bob devonning mukammal matnidan iborat bo‘lib, u quyidagi janrlardan tarkib topgan: G‘azaliyot - 119 ta; Sun’iy she’r - 1 ta [10 bayt]; Ruboiyot - 211 ta [422 bayt]; Tuyuqlar - 16 ta [32 bayt]; Qit’alar - 12 ta [33 bayt]; Muammolar - 2 ta [4 bayt]; Masnaviylar - 9 ta [mavzusiz] va ikkita mashhur masnaviylar: «Risolai volidiya” va «Risolai «Mubayyin” ning tarjimalari - jami 11 ta; Fardlar - 30 ta [30 bayt]; Dariy [forsiy-tojikiy] tilidagi she’rlar: 1. G‘azal - 1 ta [4 bayt]; 2. Ruboiy - 2 ta [4 bayt]; 3.Qit’a - 4 ta [... 7 bayt] [to‘rtinchi qit’a ikki bayt bo‘lib, uning birinchi misrasi yo‘q, uning o‘rnida ishora belgisi sifatida nuqtalar qo‘yilgan]; 4. Fard - 6 ta [6 bayt] dan tarkib topgan.

IV. Boburning boshqa asarlaridan namunalar: «Risolai aruz”dan parchalar; «Boburnoma”dan porchalar. Bobur devonining lug‘g‘atnomasi. Xos nomlarining izohi. «Bobur devoni” ning adabiyotlar ruyxatidan iborat. «Boburnoma” asari 1518-yildan fors tilida yozila boshlagan bo‘lib, uni 1530-yilida nihoyasiga yetkazilgan. Bu asarning qo‘lozma va nashriy nusxalari turli xil nomlar bilan: «Vaqoye’”, «Voqeanoma”, «Voqeoti Boburiy”, «Voqeanomayi podshohi”, «Bobur podshohning tarjimayi holi”, «Boburiya”, «Tabaqoti Boburiy”, «Tuzuki Boburiy”, «Tuzuk”, «Tavorixi Boburiy”, «Podshohnoma”, «G‘aroyib tarjimayi hol”, «Sharhlar”, «Bobur memuarlari”, «Esdaliklar”, «Ma’murnoma”, «Boburning hayoti”, «Bobur xotiroti”, «Bobur bitiklari”, nihoyatda «Boburnoma” va shunga o‘xshash nomlar bilan ko‘paytirilgan. «Boburnoma”ning bitta orginal nusxasi Eron Islomiy Respublikasining Tehrondagi Kitubxonayi Majlisi shӯroi islomii Eron xazinasida saqlanmoqda. Mazkur kulliyot Boburning barcha asarlarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, u Olamgir kutubxonasi xazinasida saqlanib kelgan. Qo‘lozma raqami 2249 bo‘lib, u 1613-yilda ko‘chirilgan. Asar nusxasining sahifalar soni 1036 ta, qo‘lozma andozasi: 41x25, turkiy tilda; tarkibi: 1. «Mubayyin” (1-184); 2. She’rlar (187-303); 3. «Aruz risolasi” (304-455); 4. «Boburnoma” (457-1010); 5. «Risolayi volidiyya” (1013-1036) dan iborat. Ta’kidlash joyizki, hozirgi davrda ”Boburnoma” ning asl nusxalari jahon xalqlari kutubxonasida H, Q, E, L, R - harflar belgilari bilan saqlanib kelmoqda: « - Annet Beverij. «Boburnoma”. London, 1905. («Boburnoma” kulozmasining Haydaroboddagi «Solorjang” muzeyida saqlanayotgan nusxasi matni chop etilgan). Q - N.I.Ilminskiy. «Boburnoma”. Qozon, 1857. (Bu nashrga «Boburnoma”ning Kerr nusxasi asos qilib olingan). E - Shotlandiya milliy kutubxonasi. Edenburg. MS. Adv. 18.3.18. L - Britaniya kutubxonasi. London. MS. add. 26, 324 R - Britaniya kutubxonasi. London. «Voqi’oti Boburiy”. (Fors tilida). London. MS Or. 3717.

R - «Boburnoma”ning Dehli (Milliy muzey MS. 50.326) va Parij milliy kutubxonasida (MS. Suppl. persian 265) saqlanayotgan fors tilidagi qo‘lyozmalari” mavjud. «Boburnoma” asarini 1586-yilda Abdurahim Xoni xonon fors tiliga, 1705-yilda Vitsen golland tiliga, 1810-yilda yilda nemis tilida, 1826-yilda J. Leyden va V. Erskin ingliz tiliga, 1871-yilda Pavel de Kurteyl fransuz tilida, 1940-yilda Rashid Rahmati Arat turk tilida, Mixail Sale 1942-yilda rus tilida, 1810-yilda yilda nemis tilida tarjima qilib, Sankt-Peterburgda nashrdan chiqardi.


Adabiyot:

1. Devoni Zahiruddin Muhammad Bobur. Bo muqaddima, muqobila va tashehi Shafiqa Yorqin. Kobul, 1362 h. [1983m.] [Matni devon, 324 sah.] sahifai umumii kitob 476 sah.

2. Hazrati Xoja Ubaydullo Ahror. Risolayi volidiya. Bobur tarjimasi. Nashrga tayyorlovchi: S. Hasan. T., Yozuvchi, 1991, 16-bet.

3. Bobur, Zahiriddin Muhammad. Kitobu-s-salot [tayyorlovchilar Amir Fayzulla, Saidbek Hasan, Alibek Rustamov]. Toshkent: Abdulla Qodiriy nomli xalq merosi nashriyoti, 1993.

4. Bobur Zahiruddin Muhammad «Mubayyin” [Mas’ul muharrir: A. Rustamov] -Toshkent: «Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi” nashriyoti, 2000, -184 b.

5. Bobur, Zahiruddin Muhammad. Aruz risolasi. Alisher Navoiy muzeyi. № 103 qo‘lozma: 145 6 / 1.]

6. Abulhay Lakhnaviy-Hasaniyning «Nuzhat ul-xavotir” [«Xotiralar sayri”]. Lubnon /Beyrut, «Dor ul-Ibn Hazm” nashriyoti, 1999. 315-bet.

7. Xondamir, Makorim ul-axloq, Maqsadi dahum, Dar bayoni latoif va mutoibot. sah. 141.


NamDU ilmiy axborotnomasi 2025/1 son

Omonova Orasta Xudoyor qizi

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti tadqiqotchisi

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Zahiriddin Muhammad Bobur xorijlik tadqiqotchilar tadqiqotlarida

Zahiriddin Muhammad Bobur dunyoga mashhur yetuk shaxs, buyuk shoh va...


Maqolani baholang
5.0